Просмотр содержимого документа
«На уроке родного языка развивать речь»
ONA TILI DARSLARIDA O‘QUVCHILAR NUTQINI O‘STIRISH
Raxmatova Nafosat Jumayevna
Buxoro shahar kasb-hunar maktabi
ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi
Annotatsiya: Ona tili darslarida o‘quvchilar nutqini o‘stirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda har bir o‘qituvchi yuksak pedagogik mahoratga ega bo‘lmog‘i lozim. Quyidagi maqolada ayrim misollar orqali ona tili darslarida nutq o‘stirishning ayrim usullaridan misollar keltiriladi.
Kalit so‘zlar: zamonaviy texnologiya, nutq o‘stirish, til, adabiyot, muhokama matni, ijodiy matn, tasviriy matn, nazariy bilim.
Yangi zamonaviy texnologiyalarga asoslanib tuzilgan, ta’limning jahon andozalariga mos keladigan dastur va darsliklar yaratish – davr talabi. Hozirgi o‘zbek adabiy tili qurilishining ilmiy talqinlari ham lug‘aviy-grammatik munosabatlar tizimi, o‘quvchi va o‘qituvchi munosabatlari tizimi ham yangilandi va rivojlantirildi. Ona tilining yangilangan yo‘nalishidan asosiy maqsad o‘quvchilarning o‘z ona tilida fikrini to‘g‘ri, aniq, ravon va go‘zal ifodalay olish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat. So‘zlarni to‘g‘ri tanlash, nutqni tinglovchiga qulay tarzda yetkaza olish insoniy madaniyatning eng asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun har bir so‘z, birikma va gapni barcha qirralari bilan to‘g‘ri, o‘rinli ishlata olishni o‘rgatish, o‘z nutqiga nisbatan ehtiyotkorlik tuyg‘usini shakllantirish ona tili darslarining asosiy vazifasi sanaladi.
Ma’lumki, til jamiyat a’zolari o‘rtasida aloqa – aralashuv vositasi, insonning fikrlash va fikr mahsulini og‘zaki hamda yozma ravishda berishi, o‘z ichki kechinmalarini bayon qilish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Hazrat Alisher Navoiy til kishilarning o‘zaro aloqa vositasi sifatida jamiyat taraqqiyotida katta o‘rin egallashini, u insonni hayvondan ajratuvchi asosiy belgilardan biri ekanligini alohida ta’kidlab, bunday yozgan edi: So‘zdirki, nishon berur o‘likka jondin, So‘zdirki, berur xabar jonga jonondin. Insonni so‘z ayladi judo hayvondin, Bilki guhari sharifroq yo‘q ondin. Ona tilini o‘qitishdan maqsad tilning jamiyat a’zolari o‘rtasida bajaradigan ana shu vazifasi – o‘quvchilarni fikr bayon qilish faoliyatiga tayyorlash vazifasidan kelib chiqadi. Chunki kishilar o‘z faoliyatlarining barcha sohalarida bir-birlari bilan faol munosabatda bo‘ladilar. Ular doimo o‘zlarini o‘rab olgan moddiy borliqdagi narsabuyumlar va voqea-hodisalar to‘g‘risida fikr yuritadilar va o‘z fikrlarini bir-birlariga ma’lum qiladilar. Demak, jamiyatda fikr almashish qonuniy zaruriyatdir. Odamlar orasida fikr almashish bo‘lmasa, jamiyat taraqqiyotdan to‘xtaydi. Fikr esa faqat til yordamida ro‘yobga chiqadi. Shuning uchun ham har bir kishi undan foydalanishni bilishi va avvalo, uning o‘zini to‘la-to‘kis o‘rganib olishga harakat qilish zarur. Tilni o‘rganish bu faqat uning grammatik qurilishini bilish, tushuncha, ta’rif va qoidalarni o‘zlashtirib olishi emas, balki ona tilining boy imkoniyatlaridan foydalanib, fikrni og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash malakalarini egallashdan iboratdir. Ona tili fani o‘quvchiga tilni o‘rgatish bilan birga, tilning serqirra imkoniyatlaridan nutqda foydalanish me’yorlarini ham o‘rgatadi. Hozirgi kunda ona tili darslari maqsadini belgilar ekanmiz, darslarda asosan o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga va o‘z fikrini savodli qilib, chiroyli ifodalashga o‘rgatishimiz zarur. Bu boradagi usullardan biri ijodiy matn yaratishga o‘rgatishdir. O‘z fikrini ijodiy matn tarzida ifodalash ona tili darslariga qo‘yilgan talablarning barchasini o‘zida mujassamlashtirgan eng samarador usul bo‘lib, unda o‘quvchining tafakkuri rivojlanadi, so‘z boyligi ortadi va so‘zdan o‘rinli foydalanish jihatidan birbiridan farq qiladi. Tasviriy matnda voqeada ishtirok etadigan shaxslar bo‘lmaydi. Unda, asosan, tabiat manzarasi, alohida narsalar, voqea va hodisalar, ish jarayonlari tasvirlanadi. Matnning bu turida tasvirlanayotgan narsa, voqea-hodisa kabilarning o‘ziga xos tashqi belgilariga alohida e’tibor beriladi. Matnning bu turidan, ayniqsa, 5-7-sinflarda ko‘proq foydalaniladi. Chunki bu usul o‘quvchilar uchun ancha murakkablik tug‘dirmaydi va til hodisalarini o‘rganish jarayonida yil fasllari, lola sayli, maktab bog‘i, paxta dalasi, cho‘l, sahro, tog‘, daryo, shahar, qishloq va hakazolar tasvirini bemalol yaratishlari mumkin. Tasvirlash kuzatuvchanlikka bog‘liq. Shuning uchun ona tili darslarida o‘quvchilarni kuzatuvchanlikka o‘rgatish, narsa, voqea-hodisalardagi eng muhim belgi va xususiyatlariga ko‘ra bilishga odatlantirish juda katta ahamiyatga ega. Matnning ikkinchi turi rivoyatdir. Rivoyat matni tasviriy matndan voqeaning izchillikda berilganligi, unda ishtirok etuvchi shaxslarning borligi, dialogik nutqdan foydalanish kabilar bilan ajralib turadi. Bunday matnlarda voqea-hodisa bir mazmuniy yaxlitlikni saqlashi shart va zarur. Matnning bu turida dalillar va ularning tafsilotlariga alohida o‘rin ajratiladi; voqealar hikoya tarzida bayon qilinadi. Rivoya matnida tasvir unsurlaridan ham foydalaniladi. Ona tili darslarida bunday matnlardan juda ko‘p foydalanishga to‘g‘ri keladi. “Bizning oila”, “Yoz kunlarining birida”, “Mening do‘stim” kabi mavzularda yaratiladigan matnlar shular jumlasidandir. Ona tili darslarida keng qo‘llaniladigan matnning yana bir turi muhokamadir. Muhokama matnining o‘ziga xos xususiyati shundaki, so‘zlovchi bayon qilinayotgan voqea-hodisaga o‘z munosabatini bildiradi. O‘z fikrini isbotlash uchun dalillar izlaydi va uni asoslashga intiladi. U kuzatish, taqqoslash natijasiga tayanib, ma’lum bir fikrni rad etadi va bu haqida o‘z hukmini chiqaradi. Muhokama tarzidagi matnlar yaxshilik va yomonlik, mehnatsevarlik va ishyoqmaslik, halollik va tekinxo‘rlik, to‘g‘rilik va egrilik, yaxshi so‘z va yomon so‘z, do‘stlik va dushmanlik, botirlik va qo‘rqoqlik, odob va odobsizlik, qadr-qimmat va qadrsizlik, sabr-toqat va sabrsizlik kabi mavzularda bo‘lishi mumkin.
Og‘zaki nutqni rivojlantirishning yana bir yo‘li matn mazmunini saylab so‘zlashdir. O‘quvchi o‘qigan yoki eshitgan matnining mazmunini to‘la so‘zlab bermaydi, balki o‘rganilayotgan til hodisasiga aloqador joylarinigina ajratib, uning mazmunini hikoya qiladi. Ona tili darslarida egallagan til hodisalarini eslash, o‘rganilgan matn mazmunini xotirada tiklab, uni qayta himoya qilib berish ham og‘zaki nutqning rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi. Xullas, hosil qilingan nazariy bilim, ko‘nikma va malakalarni amalda qo‘llab, grammatik topshiriqli matnlar yaratish ona tili darslarida ko‘p qo‘llanadigan ijodiy ish turi bo‘lib, undan samarali foydalanishga erishish zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. A.Muhiddinov. O‘quv jarayonida nutq faoliyati
2. A.G‘ulomov, B.Qobilova. Nutq o‘stirish mashg‘ulotlari
3. T.Yo‘ldoshev. Til o‘rganishning asosi
4. Abdurahmanova "Avesto"da ayol va oila huquqlari talqini. Til va adabiyot ta'limi, (6), 26-27.