INGLIZ TILI DARSLARIDA INTERFAOL METODLARDAN FOYDALANIB DARSLARNI TASHKIL ETISHNING SAMARALARI
Xaitova Dilsora Toxirovna
Buxoro shahar kasb-hunar maktabi ingliz tili o`qituvchisi
Annotatsiya: Bugungi kunda yosh avlodning xorijiy tillarni o’rganishga qiziqishi ortib bormoqda. Shu bois, umumta’lim maktablarida xorijiy tilni, jumladan ingliz tilini o’qitish darslarda interfaol metodlardan foydalanishni talab etadi. Ushbu maqola umumta’lim maktablarining ingliz tili darslarida interfaol metodlardan foydalanib darslarni tashkil qilishning samaralariga bag’ishlangan.
Kalit so’zlar: metod, interfaol metod, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, interfaollik.
Mamlakatimizda axborot jamiyatini shakllantirish, barcha sohalarda eng ilg’or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo’yicha salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, bu jarayonda interfaol (interaktiv) xizmatlarning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. O’zbek tilining izohli lug’atida ‘’interfaol’’ tushunchasiga axborotlarni kompyuter tarmog’i orqali qabul qilish yoki uzatishga asoslanish deya ta’rif berilgan. Vikipediyada esa interaktivlik ob’yektlar o’rtasidagi o’zaro harakat xarakteri va darajasini ochib beruvchi tushuncha sifatida baholangan bo’lib, axborot nazariyasi, informatika va dasturlash, telekommunikatsiya tizimlari, sotsiologiya, sanoat dizayni va hokazo sohalarda qo’llanilishi aytiladi. Bir so’z bilan aytganda, interfaollik – tizimni tashkil etish tizimi bo’lib, bu tizmning qismlari o’rtasida axborot almashinuvini yo’lga qo’yish orqali muayyan maqsadga erishishdir. Interfaol metod – ta’lim jarayonida o’quvchilar hamda o’qituvchi o’rtasidagi faollikni oshirish orqali o’quvchilarning bilimlarni o’zlashtirishini faollashtirish, shaxsiy sifatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Interfaol metodlarni qo’llash dars samaradorligini oshirishga yordam beradi. Interfaol ta’limning asosiy mezonlari: norasmiy bahs-munozaralar o’tkazish, o’quv materialini erkin bayon etish va ifodalash imkoniyati, ma’ruzalar soni kamligi, lekin seminarlar soni ko’pligi, o’quvchilar tashabbus ko’rsatishlariga imkoniyatlar yaratilishi, kichik guruh, katta guruh, sinf jamoasi bo’lib ishlash uchun topshiriqlar berish, yozma ishlar bajarish va boshqa metodlardan iborat bo’lib, ular ta’lim-tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishda o’ziga xos ahamiyatga ega . Hozirda ta’lim metodlarini takomillashtirish sohasidagi asosiy yo’nalishlardan biri interfaol ta’lim va tarbiya usullarini joriy qilishdan iborat. Barcha fan o’qituvchilari dars mashg’ulotlari jarayonida interfaol usullardan borgan sari kengroq foydalanmoqdalar. Interfaol usullarni qo’llash natijasida o’quvchilarning mustaqil fikrlash, tahlil qilish, xulosalar chiqarish, o’z fikrini bayon qilish, uni asoslagan holda himoya qila bilish, sog’lom muloqot, munozara, bahs olib borish ko’nikmalari shakllanib, rivojlanib boradi. Interfaol ta`lim jarayonida dars o`quvchilarning o`zaro muloqotlari asosida amalga oshiriladi. Interaktiv ingliz so`zidan olingan bo`lib, «Interakt», ya`ni, Inter - bu «o`zaro», «akt» - harakat, ta`sir, faollik ma`nolarini bildiradi. Interfaollik, bu - o`zaro ikki kishi faolligi, ya`ni, bunda o`quv-biluv jarayoni o`zaro suhbat tariqasida, dialog shaklda (kompyuter aloqasi) yoki o`qituvchi-o`quvchilarning o`zaro muloqotlari asosida kechadi. Interfaollik - o`zaro faollik, harakat, ta`sirchanlik, o`quvchi-o`qituvchi, o`quvchi-o`quvchi (sub`yekt-sub`yekt) suhbatlarida sodir bo`ladi. Interfaol metodlarning bosh maqsadi - o`q jarayoni uchun eng qulay muhit vaziyat yaratish orqali o`quvchining faol, erkin, ijodiy fikr yuritish, uni ehtiyoj, qiziqishlari, ichki imkoniyatlarini ishga solishga muhit yaratadi. Bunday darslar shunday kechadiki, bu jarayonda bironta ham o`quvchi chetda qolmay, eshitgan, o`qigan, ko`rgan bilgan fikr- mulohazalarini ochiq-oydin bildirish imkoniyatiga ega bo`ladilar. O`zaro fikr almashish jarayoni sodir bo`ladi. Bolalarda bilim olishga havas, qiziqish ortadi, o`zaro do`stona munosabatlar shakllanadi. Chet tilini o’qitish metodikasida zamonaviy hisoblangan interfaol metodlar olimlar tomonidan ishlab chiqilgan va ularni an’anaviy metodlarga nisbatan samaradorlik darajasi ko’proq ekanligi isbotlangan. Interfaol metodlar o’quv jarayonining bilim salohiyatini an’anaviy metodlarga nisbatan ancha ko’taradi. Chunki, interfaol metodlarda o’quvchining o’zi mustaqil holda erkin fikr yuritadi, o’qituvchi bilan hamkor sifatida ishlaydi. Zamonaviy texnologiyalar orqali chet tili o’qitilar ekan, unda o’quvchi o’zi dars jarayonini rejalashtiradi, o’zi belgilagan o’quv rejasi asosida shug’ullanadi, o’qitish metodlarini o’quvchi va o’qituvchi hamkorlikda tanlaydi, o’quv materiali muhokamasida ishtirok etadilar. Bunda o’quvchilar birbirlariga yordam beradilar. XX - asr oxiri va XXI - asr boshlarida ta’lim sohasida “interfaol” usullar degan ibora pedagogik adabiyotlarda keng ishlatilmoqda. Bu iboraning mohiyatini ochib berishga harakat qilib ko’ramiz. “inter” o’ta degan ma’noda ishlatilmoqda. Interfaol degani o’ta faol ta’lim usuli deganidir. Bu usullar guruhi tez muddatda samarali ta’sir etish o’quvchilarda mustaqil fikr qilishni, ulardagi ijodkorlik hamda mavzu mohiyatini qiziqib o’zlashtirishlarini ta’minlaydi. O’qitishning interfaol usullari, tushuntirish, ko’rsatmali va vositalardan foydalanish kabi an’anaviy usullardan uning samaradorligi yuqori bo’lib, u talabalarni shaxs sifatida shakllanishi, xususiy qobilyatlarini oshirish, ijodiy mustaqilligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi . Interfaol ta’lim va an’anaviy ta’lim o’rtasida farqlarni quyidagilarda ko’rishimiz mumkin:
O’quv rejadagi fanlarni o’qitishda qaysi mavzular bo’yicha interfaol darslar tashkil qilish maqsadga muvofiqligini hisobga olish zarur. Bunda har bir mavzu bo’yicha mashg’ulotning maqsadiga to’liq erishishni ta’minlaydigan interfaol yoki an’anaviy mashg’ulot turlaridan foydalanish ko’zda tutiladi.
Interfaol mashg’ulotning samarali bo’lishi uchun o’quvchilar yangi mashg’ulotdan oldin uning mavzusi bo’yicha asosiy tushunchalarni va dastlabki ma’lumotlarni bilishlarini ta’minlash zarur.
Interfaol mashg’ulotda o’quvchilarning mustaqil ishlashlari uchun an’anaviy mashg’ulotga nisbatan ko’p vaqt sarflanishini hisobga olish zarur. Shularga o’xshash farqlarning ijtimoiy hayotdagi ta’siri to’g’risida bir necha asr muqaddam A.Navoiy o’zining mashhur "Mahbub ul-qulub" asari muqaddimasida shunday yozgan edi: "Umid ulkim, o’qig’uvchilar diqqat va e’tibor ko’zi bila nazar solg’aylar va har qaysisi o’z fahmu idroklariga ko’ra bahra olg’aylar...". Bunda shu asarni har kim turlicha, ya’ni o’z fahmi idroki darajasidagina tushunishi, o’zlashtirishi, foyda ola bilishi va amalda qo’llay bilishi ko’rsatib o’tilgan bo’lib, bundan biz interfaol ta’lim usullarining an’anaviy usullardan asosiy farqlari to’g’risida yuqorida aytgan xulosalarimizni yanada qisqa qilib, o’quvchilarning fahmu idroklarini o’stirishdan iborat, deb ifodalashimiz mumkin. Bunda ta’kidlash lozimki, interfaol ta’lim usullari O’zbekistonda qadim zamonlardan beri ta’lim-tarbiya jarayonida muallim bilan talabalar hamda talabalar bilan talabalar o’rtasidagi muloqotlarda muhokama, munozara, muzokara, mushohada, tahlil, mashvarat, mushoira, mutolaa kabi shakllarda qo’llab kelingan. Bu usullar talabalarning nutq, tafakkur, mulohaza, zehn, iste’dod, zakovatlarini o’stirish orqali ularning mustaqil fikrlaydigan, komil insonlar bo’lib etishishlariga xizmat qilgan. Hozir interfaol mashg’ulotlarni olib borishda ma’lumki, asosan interfaol usullar qo’llanilmoqda. Kelgusida esa bu usullar ma’lum darajada interfaol texnologiyaga o’sib o’tishi maqsadga muvofiq. Bu interfaol usul hamda texnologiya tushunchalarining o’zaro farqini bizningcha, shunday ta’riflash mumkin. Interfaol ta’lim usuli – har bir o’qituvchi tomonidan mavjud vositalar va o’z imkoniyatlari darajasida amalga oshiriladi. Bunda har bir o’quvchi o’z motivlari va intellektual darajasiga muvofiq ravishda turli darajada o’zlashtiradi. Interfaol ta’lim texnologiyasi - har bir o’qituvchi barcha o’quvchilar ko’zda tutilgandek o’zlashtiradigan mashg’ulot olib borishini ta’minlaydi. Bunda har bir o’quvchi o’z motivlari va intellektual darajasiga ega holda mashg’ulotni oldindan ko’zda tutilgan darajada o’zlashtiradi . Interfaol mashg’ulotlarni amalda qo’llash bo’yicha ayrim tajribalarni o’rganish asosida bu mashg’ulotlarning sifat va samaradorligini oshirishga ta’sir etuvchi ayrim omillarni ko’rsatishimiz mumkin. Ularni shartli ravishda tashkiliy-pedagogik, ilmiy–metodik hamda o’qituvchiga, o’quvchilarga, ta’lim vositalariga bog’liq omillar deb atash mumkin. Ular o’z mohiyatiga ko’ra ijobiy yoki salbiy ta’sir ko’rsatishini nazarda tutishimiz lozim. Interfaol mashg’ulot turlari ko’p bo’lib, ularni dars mavzusining xususiyatlari hamda ko’zda tutilgan maqsadlarga muvofiq tanlanadi va tegishlicha tayyorgarlik ko’riladi. Interfaol mashg’ulotda ishtirok etish uchun o’quvchilarning tayyorliklariga o’ziga xos talablar qo’yiladi, bular mashg’ulotda faol ishtirok etish uchun zarur bilimlarni o’zlashtirganlik, muloqotga tayyorlik, o’zaro hamkorlikda ishlash, mustaqil fikrlash, o’z fikrini erkin bayon qilish va himoya qila olish ko’nikmalari va boshqalardan iborat. Mashg’ulotda vaqtdan unumli foydalanish zarur shart hisoblanadi. Buning uchun zarur vositalarni to’g’ri tanlash, tayyorlash hamda mashg’ulot o’tkazuvchilar va ularning vazifalari aniq belgilangan bo’lishi lozim. Interfaol metodlar bilan an’anaviy ta’lim usullari orasida o’ziga xos farqlar mavjud bo’lib, har bir o’qituvchi bu farqlarni qiyoslashi, ularning bir-biriga nisbatan afzalliklari va kamchiliklarini darsni rejalashtirish va uni o’tkazish usullarini tanlashda to’g’ri hisobga olishi zarur. Bunda yangi bilimlarni berish, ko’nikmalarni shakllantirish, rivojlantirish, mustahkamlash, bilimlarni takrorlash, amalda qo’llash mashg’ulotlarida hamda o’quv fanining xususiyatlarini hisobga olgan holda har bir mavzu bo’yicha mashg’ulot uchun eng maqsadga muvofiq bo’lgan interfaol yoki boshqa metodlarni to’g’ri tanlash nazarda tutiladi.To’g’ri tanlangan metodlarni qo’llash mashg’ulotning qiziqarli va samarali bo’lishini ta’minlaydi. Ta’lim texnologiyasining hozirgi taraqqiyot bosqichi ta’lim jarayonida interfaol dars usullarining keng qo’llanilayotganligi bilan xarakterlanadi. Uzoq yillar foydalanilgan o’qitish texnologiyasidagi bir xillik, ta’lim jarayonida o’qituvchi gegemonligi, o’qituvchi tamonidan fanni tayyor, ortiqcha mushohada qilmasdan ham qabul qilinadigan darajaga keltirib o’quvchiga taqdim etishga urinish o’quvchilarning faolligini pasaytirib, ularda ijodiy fikrlash malakasini shakllanishiga to’sqinlik qila boshlagan edi. Shuning uchun ham ta’lim jarayoniga o’quvchini o’qitadigan emas, balki uni o’qishga, bilim olishga o’rgatadigan interfaol dars usullari ni qo’llashga urinish kuchaydi. Xulosa qilib aytganda, dars samaradorlini ta’minlashni maqsad qilib olgan o’qituvchi interfaol dars usullaridan o’z o’rnida mohirona foydalansagina o’z maqsadiga erishadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
www.ziyonet.uz
www.wikipedia/interfaol
www.ziyonet.uz R