Просмотр содержимого документа
«"Shahar yetakchilarga koʻmak" mavzusida»
OʻZBEKISTОN RESPUBLIKАSI ХАLQ TА’LIMI VАZIRLIGI
RESPUBLIKА TА’LIM MАRKАZI
2019-2020-OʻQUV YILIDА UMUMIY OʻRTА TА’LIM MАKTАBLАRINING 7-SINF OʻQUVCHILАRI UCHUN BOSQICHLI IMTIHON OʻTKAZISH BOʻYICHA ONA TILI FАNIDАN METODIK TAVSIYA VA MАTЕRIАLLАR
Toshkent-2020
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 7-sinf oʻquvchilari bosqichli nazorat imtihonini o‘tkazish bo‘yicha metodik tavsiya va materiallarni tijoriy maqsadda kоʻpaytirib tarqatish taqiqlanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari metodbirlashmalari bosqichli nazorat imtihoni materiallariga 15-20% gacha оʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
Tuzuvchi:
G.Xolmuratova - Respublika ta’lim markazi metodisti.
Taqrizchilar:
D.Manapova – Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani 286- umumiy oʻrta ta’lim maktabining oliy toifali ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.
O.Bozorova – Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 295-umumiy oʻrta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.
ONA TILI
7-SINF
Ona tili ta’limining asosiy maqsadi – oʻz fikrini ogʻzaki va yozma tarzda toʻgʻri va ravon bayon qiladigan, jamoat joylarida turli nutqiy vaziyatlarda mustaqil ravishda fikrini ifoda etadigan, ogʻzaki va yozma savodxonlik malakalariga ega boʻlgan, kitobxonlik madaniyati shakllangan, mustaqil va ijodiy fikrlay oladigan, oʻzgalar fikrini anglaydigan – muloqot va nutq madaniyati rivojlangan shaxsni kamol toptirishdan iborat.
Ona tili fanidan oʻquvchilarning DTSda belgilangan bilim, koʻnikma, malaka va kompetensiyalarning elementlari qay darajada shakllanganligini hamda, savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida, 7-sinfda ona tili fanidan bosqichli imtihon yozma ish, ya’ni diktant shaklida oʻtkaziladi.
Diktant oʻquvchilarning savodxonligini tekshirish bilan birga til qurilishi boʻyicha olgan bilimlarini amaliyot bilan bogʻlash koʻnikmasi va yozma nutq hosil qilish malakasini tarkib toptirishga qaratiladi.
Tanlangan diktant matni quyidagi talablarga mos boʻlishi lozim:
oʻquvchilarning oʻquv yili davomida oʻrgangan mavzulari yuzasidan bilim va malakalarini mustahkamlashga hamda savodxonligini tekshirishga xizmat qilishi;
diktant matnining hajmi 100-120 ta soʻzdan iborat boʻlib, oʻtilgan mavzularga toʻla muvofiq keladigan va olingan bilimlarni sinash imkoniyatini beradigan material tanlanishi;
tanlangan matn oʻquvchiga ma’lum darslikdan olinmay, imkon qadar ijodiy boʻlishi, mustaqil oʻqilgan yoki oʻquvchiga notanish boʻlgan asarlardan olinib, ta’limiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlishi lozim.
Diktant oʻqib eshittirish orqali yozdiriladi. Diktant yozilgandan soʻng matn qayta ifodali oʻqib beriladi.
Diktant quyidagi baholash mezoni asosida baholanadi
T/r
Mezonlar
Ball
1
Husnixat bilan yozilgan, 1 ta imlo 2 ta ishoraviy xatosi boʻlgan diktantga qoʻyiladi. (bu 1/ 2 shaklida belgilanadi)
5
2
Xatolar soni turlicha boʻlishi mumkin: 2 ta imlo, 2 ta ishoraviy xato; 1 ta imlo, 3 ta ishoraviy xato; 0 imlo, 4 ta ishoraviy xato. (Bu: 2/2; 1/3; 0/4) Xatolar nisbati oʻzgarishi mumkin, lekin ularning umumiy miqdori 5 tadan, imlo xatolar soni 2 tadan oshmasligi kerak.
4
3
4 ta imlo, 4 ta ishoraviy xato; 3 ta imlo, 5 ta ishoraviy xato; 0 imlo, 7 ta ishoraviy xato; 4 ta imlo, 6 ta ishoraviy xato. (Bu: 4/4; 3/5; 0/7; 4/6 ) Ammo, imlo xatolar soni 4 tadan oshmasligi kerak.
3
4
7 ta imlo, 7 ta ishoraviy xato; 6 ta imlo, 8 ta ishoraviy xato;
5 ta imlo, 9 ta ishoraviy xato; 8 ta imlo, 6 ta ishoraviy xato. ( Bu: 7/7; 6/8; 5/9; 8/6) Har qanday 7 tadan ortiq imlo xatoga qoʻyiladi.
2
Izoh: Belgilangan mezonlardan ortiqcha xatoliklar boʻlsa “1” ball qoʻyiladi.
Diktantga baho qoʻyishda belgilangan mezonda chegara boʻlishi kerak. Masalan: “4” baho uchun imlo xatolar soni 2 tadan, “3” baho uchun imlo xatolar soni 7 tadan ortiq boʻlishi kerak.
Diktant matnidagi tuzatishlar soni 3 ta yoki undan ortiq boʻlgan diktantga “5” baho qoʻyilmaydi.
Tuzatishlarning soni 5 ta yoki undan koʻp boʻlsa diktant bahosi oʻz-oʻzidan 1 ballga pasaytirilib qoʻyiladi. Bunday holatda masalan: “4” baho “3” bahoga tushuriladi.
Agar ishoraviy xatoliklar umuman boʻlmay, faqat 4, 5 ta imloda xato boʻlsa “3” baho qoʻyiladi.
Ona tili
7-sinf
DIKTANT UCHUN MATNLAR
Vatanparvarlik
Har bir inson oʻz tugʻilgan yurtiga boʻlgan muhabbati va sadoqatini turli shakllarda ifoda etadi. Kimdir sidqidildan mehnat qilib, vatanning moddiy boyliklarini oshiradi, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga hissa qoʻshadi. Yana kimdir, betakror iste’dodi va kuch-gʻayratini ona diyor ravnaqi, uning obroʻ-e’tiborini yuksaltirish yoʻlida safarbar etadi. Yana kimdir, Vatan sarhadlarida tun-u kun sergak turib, uning har qarich yerini koʻz qorachigʻidek asraydi. Bularning barchasi insonga xos boʻlmish vatanparvarlik deb ataladigan noyob va muqaddas tuygʻuning amalda namoyon boʻlishidir. Qachonki odam oʻz ona yurtining dard-u tashvishi, shodlig-u quvonchi bilan hamisha hamnafas yashasa, hatto Vatan uchun jonini ham fido qila olsa, vatanparvarlik shunchaki tuygʻuga emas, yuksak insoniy fazilatga aylanadi.
Vatanni haqiqiy vatanparvar farzandlar dunyoga tanitadi. Vatan tuprogʻi haqiqiy vatanparvar insonlar tufayli aziz va muqaddas boʻladi. Vatanparvarlik Vatan tuygʻusini anglashdan boshlanadi.
(120 ta soʻz)
Birinchi muallim
Bundan yuz-yuz ellik yillar oldin yurtimiz hududida maktablar juda kam boʻlgan. Eski maktab, madrasalarda asosan diniy ilmlar berilgan. Ammo, xalqimiz ichidan chiqqan ziyolilar, bunga chek qoʻyib, zamonaviy maktablar, darsliklar yaratishgan. Abdulla Avloniy ana shunday jonkuyar ziyolilardan biri edi.
Abdulla Avloniy maktablarda diniy ta’lim bilan bir vaqtda dunyoviy fanlardan ham dars oʻtilishi kerak deb hisoblagan. U 1908-1909-yillarda Toshkentdagi mahallalarda ikkita yangi maktab ochadi. Shaxsan oʻzi ter toʻkib bolalar uchun parta, stul, doskalar yasaydi. Bu maktablarda oʻquvchilarga matematika, tarix, geografiya, geometriya, adabiyot fanlaridan dars berilgan.
Oʻsha vaqtlarda maktablardagi eng katta muammo darsliklarning yetishmasligi edi. Shuning uchun Avloniy darsliklarni ham oʻzi yozgan. Uning “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” kabi kitoblari xalq orasida mashhur boʻlgan.
Avloniy boshqa koʻp sohalarda ham faol boʻlgan. Ammo, uning eng katta xizmati bolalarga ma’rifat ulashganida, birinchi muallim boʻlganida edi.
(120 ta soʻz, “Jajji akademik” jurnalidan)
Vaqting ketdi — baxting ketdi
Insonning hamma vaqti ham ish, oʻqish bilan band boʻlavermaydi. Aytaylik, ota-onaga qarashish, darsda boʻlish, darsga tayyorlanish, maktab yoki boshqa muassasalarda, jamoat ishlarida qatnashish bilan bir qatorda orada boʻsh vaqt ham boʻladi. Ana shu boʻsh vaqtdan unumli, maqsadli foydalana bilish, uni bekorga ketkazmaslik ham oqilona ishlardandir. Ammo, ayrim bolalar boʻsh vaqtlaridan toʻgʻri foydalanmaydilar. Eng noyob boylik — boʻsh vaqtini behudaga oʻtkazib, bir-birlari bilan gaplashib oʻtirish, arzimagan mayda-chuyda narsalar ustida bahslashish, koʻcha-koʻyda bekor yurish bilan kun oʻtkazuvchi bolalarni koʻrib afsuslanasan, kishi. Jismoniy va aqliy yetuk inson boʻlib yetishuvida boʻsh vaqtni toʻgʻri taqsimlash, undan oqilona foydalana bilish muhimdir. Dono xalqimizning: “Vaqtning qadriga yet”, “Vaqting ketdi — baxting ketdi”,- deyishi xuddi ana shu boʻsh vaqtni qadrlay olish, undan unumli foydalanishni koʻzda tutib aytilgan.