Lirika har bir adabiyotning xalq ommasi tomonidan sevib o‘qiladigan turi. XX asr o‘zbek she’riyati an’anaviy aruz vaznidan xalq ijodi uchun xarakterli bo‘lgan barmoq vazniga o‘tdi.
Bu davr o‘zbek lirikasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan shoirlar orasida Hamid Olimjon ijodi ajralib turadi. Uning ijodi 30-yillarning boshlarida shakllanib, shu davr ruhini o‘ziga singdirgan. Hamid Olimjonning "Temir qonun", "Nima bizga Amerika?", "Baxtlar vodiysi" singari she’rlari va "O‘lim yovga" dostonida sinfiy kurash, sotsialistik qurilish ishlari avj olgan davr o‘z aksini topgan. 30-yillarning o‘rtalariga kelib Hamid Olimjonning ijodida "ko‘ngil lirikasi" namunalarining paydo bo‘lishi bilan uning lirik iste'dodi ochila boshladi. Hamid Olimjon shu davrda yaratilgan she’rlari bilan o‘zbek lirikasiga go‘zal insoniy tuyg‘u va kechinmalar, tabiat manzaralari tasvirini olib kirdi va o‘ziga xos musiqiy joziba bag‘ishladi.
"O‘rik gullaganda" she’ri Hamid Olimjon lirikasining eng mashhur namunalaridan biridir.
Derazamning oldida bir tup
O‘rik oppoq bo‘lib gulladi.
She’rning bu dastlabki satrlarida shoir o‘ziga qattiq hayajon bag‘ishlagan, hatto eng mashhur she’rining dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan voqeani tasvirlaydi. Bu tasvirda shoirni qurshagan his-hayajondan bironta belgi ham yo‘q. Hamid Olimjon she’rning keyingi bandlarida o‘rikning gullab turgan manzarasini chizar ekan, shoirona latif obrazlar va ifodalardan foydalanadi. Natijada she’rga sekin-asta bahor nafasi kirib kela boshlaydi.
Novdalarni bezab g‘unchalar,
Tongda aytdi hayot otini
Va shabboda qurg‘ur ilk sahar
Olib ketdi gulning totini...
Bu she’rda olg‘a surilgan baxt mavzusidan, tabiat manzarasi tasviridan tashqari, bizni o‘ziga jalb etuvchi yana bir narsa bor. Bu she’rga badiiy joziba bag‘ishlab turgan shakl, musiqiy ohang va yoqimli bir ruhdir.
Hamid Olimjon ijodida, she’rlarida Zulfiyaga bo‘lgan muhabbati yaqqol ko‘zga tashlanib turadi.
O‘zing o‘yla shu qaro ko‘zlar,
Unutarmi shu uchrashishni
Shuncha o‘sib nashtar kioriklar
Ko‘rganmikin shu go‘zal tushni
Zulfiya ijodida ham huddi shunday ruh hukmrondir. U Hamid Olimjonni xotirlar ekan shunday degan edi:"Yashirib o‘tirmayman: Hamid Olimjon ilk ko‘rishuvdanoq ko‘zimdan ko‘nglimga o‘tdi. Men juda yosh hissiyotim bilan uning keng qalbi, ulkan iqtidorini tuydim... Hamid Olimjon ko‘chamizning boshihacha kuzatib kelardi. Ko‘chaning bir tarafida men, ikkinchi tarafida Hamid aka kelaverardik. Ba’zan shom tusha boshlasa darvozamozning oldigacha kuzatib kelardilar. Hovlimiz katta gulzor va mevazor edi.
-Qaniydi, mana shu hovlidagi bir gulning tagida o‘tirib tong ottirsam,- der edi Hamid Olimjon".
Hamid olimjon XX asr o’zbek adabiyoti taraqqiyotiga dastavval lirik shoir sifatida katta hissa qo’shdi. Uning urush yillarida yozgan dramatik asarlari, ayniqsa, “Muqanna” tragediyasi o’zbek dramaturgiyasida katta voqea bo’ldi. Bundan tashqari u adabiyotshunos olim sifatida ham o’zbek xalq og’zaki ijodi, ham mumtoz o’zbek adabiyoti, ham XX asrning birinchi choragidagi o’zbek adabiyoti tarixini o’rganishga qaratilgan tadqiqotlarni yaratdi. Shuningdek, Hamid Olimjon rus adabiyotining bir qator go’zal namunalarini o’zbek tiliga katta mahorat bilan tarjima qilib, ularni xalqimiz va madaniyatimizning qimmatbaho mulkiga aylantirdi.