Amir Temur – xalqimiz tarixidagi butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir.
Mustaqillik yillarida ma’naviy tiklanish va yangilanish jarayonida Amir Temur bobomizning muborak nomi, boy merosi, xotirasi va tarixiy siymosi ham tiklandi. 1996-yil mamlakatimizda Amir Temur yili deb e’lon qilindi, Sohibqiron tavalludining 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi, Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida muhtasham haykallari qad rostladi. Ulug‘ bobomiz sharafiga orden ta’sis etildi. 2011 yili Birinchi Prezidentimizning taklifi va so‘zboshisi bilan “Temur tuzuklari” asari mukammal holda, yuksak sifat bilan yangidan chop etildi.
Amir Temur tavallud topgan kunni xalqimiz ulug‘ ajdodimiz xotirasiga ehtirom sifatida har yili keng bayram qilib keladi.
An’anaga ko‘ra, 9-aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullayev, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ye.Utembayev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi X.Fayziyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir N.Jo‘rayev va boshqalar Amir Temur siymosi adolat, tinchlik, farovonlik, taraqqiyot timsoli bo‘lib, qudratli saltanat barpo etgan, davlatchilik borasida boy amaliy va nazariy meros qoldirgan, ilmu fan, bunyodkorlik, madaniyat, ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochgan buyuk ajdodimizning hayot yo‘li bugungi avlodlar uchun ham ibrat maktabi ekanini ta’kidladi.
Amir Temur va temuriylarning davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik kabi sohalardagi ulkan va boy merosini o‘rganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib bormoqda. Yurtimizda va xorijda temuriylarning dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasiga oid ko‘plab asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bular Sohibqiron shaxsiyati va uni yetishtirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan, ijtimoiy-madaniy sohalarni rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalikni, millatlararo hamkorlikni mustahkamlash, bunyodkorlik va xalq manfaatlariga xizmat qilish borasidagi ishlar ulug‘ ajdodimiz Amir Temur faoliyatiga mazmunan hamohangligi bilan ahamiyatlidir.
Zero, buyuk bobokalonimiz Amir Temurning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlarini, muhtasham imoratu inshootlar qurdirgani, shaharlarni tiklagani, saltanat poytaxti Samarqandni har tomonlama ravnaq toptirgani, saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar qurdirgani, shahar tashqarisida bog‘-rog‘lar va bo‘stonlar barpo ettirgani, fan, madaniyat va san’at ahlini o‘z homiyligiga olib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatgani, xalqlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarini yo‘lga qo‘yishga sharoit yaratgani necha asrlardan buyon avlodlarga buyuk ma’rifatparvarlik namunasi bo‘lib kelayotgan bo‘lsa, Prezidentimizning bu boradagi ezgu sa’y-harakatlari nafaqat xalqimiz, balki butun dunyoda yuksak e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Sohibqiron bobomiz o‘z tuzuklarida “Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshirokdir” degan bo‘lsa, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik, ishbilarmonlikni jadal rivojlantirish, tadbirkorlarga keng sharoit va imtiyozlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Temur bobomiz “Kuch – adolatdadir!” deya xitob qilgan bo‘lsa, bugun ham adolat, xalqpavarlik, bag‘rikenglik davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosatning ustuvor tamoyillaridandir.
– Amir Temur shaxsi betakror, u insonning hayoti va faoliyati milliy davlatchiligimiz tarixida oltin davrni tashkil etadi, – deydi tarix fanlari doktori Shohista O‘ljayeva. – Mustaqillik yillarigacha ulkan saltanat tuzgan qudratli bobomizning faqat harbiy yurishlari bir tomonlama o‘rganilib kelingan bo‘lsa, milliy istiqlolga erishgachgina ul zotning tinchlikka, taraqqiyotga qo‘shgan hissasi keng tadqiq etila boshlandi. Yevropa va Osiyoni birlashtirgan hukmdor sifatida saltanati ostidagi davlatlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan, bunyodkorlik, ilm-fanga homiylik qilgan. Uning davrida barcha sohalar jadal rivojlangan. Bugun ulug‘ bobomizning ishlari avlodlar tomonidan munosib davom ettirilayotir.
– Buyuk sarkarda bobokalonimizning hayoti, harbiy-siyosiy faoliyati, jangovar san’ati, vatanparvarlik, xalqparvarlik, mardlik va jasorat fazilatlari biz avlodlarda doim havas va hayrat uyg‘otadi, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot-texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti 4-bosqich talabasi Shuhrat Karimov. – Biz Sohibqiron Amir Temur bobomizga munosib avlod bo‘lishga, mard, yurtni chin dildan suyadigan inson bo‘lishga intilamiz.
“Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari tomonidan harbiy mashqlar namoyish etildi. Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov ishtirok etdi.
Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida san’atkorlar va bolalar ansambllari ishtirokida milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Temur va temuriylar davriga oid “Tangalarda aks etgan tarix” deb nomlangan ko‘rgazma namoyish qilindi.
Bunday tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda bo‘lib o‘tmoqda.