Просмотр содержимого документа
«O'quvchilarda savodxonlikning shakllanishiga ta'sir etuvhi ijtimoiy omillar»
O`QUVCHILARDA SAVODXONLIKNING SHAKLLANISHIGA TA’SIR ETUVCHI IJTIMOIY OMILLAR
Ismoilova Diloromxon Nematillayevna
Andijon viloyati Asaka tumani
31-umumiy o`rta ta’lim maktabining
oliy toifali ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi
Jamiyat qanchalik taraqqiy topsa, shunga yarasha mas’uliyat, talab ham kuchayadi. Bugungi kunda ta’limga bo`lgan e’tibor o`qituvchi-pedagoglardan yangi loyihalar asosida ish olib borishini talab qiladi. Shuningdek, yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularni ma’naviy yetuk, jismonan sog`lom, barkamol qilib tarbiyalash asosiy vazifamiz hisoblanadi. Bu vazifalarning birinchi bosqichi milliy tilimizni davlat siyosati darajasiga ko`tarish. Negaki, jamiyat taraqqiyoti va unga munosib vorislarni tarbiyalashda ona tilimizning qudrati muhim ahamiyatga ega.
O`z fikrini ravon, go`zal va lo`nda ifoda eta olmaydigan o`quvchini zamon talabi darajasidagi o`quvchi deb bo`lmaydi. Shuning uchun, avvalo biz, o`z og`zaki va yozma nutqimizdagi nuqsonlardan holi bo`lmog`imiz darkor. Chunki, kishilarning odobi, kelib chiqishi, nasl-u nasabi, ota-onasi va ustozlarining bergan tarbiyasi so`zlash madaniyatida namoyon bo`ladi. Hurmat va izzat, obro`- e’tiborni kishi o`z tili orqali topadi. Yoshlarimizni ijodiy fikrlashga, o`z fikrini erkin va ta’sirli qilib ifodalashga, og`zaki va yozma nutqda xatoliklardan holi bo`lishga, o`zbek tili qonun-qoidalarini ongli ravishda o`zlashtirishiga biz kattalar birdek mas’ulmiz. Mazkur maqsad va vazifalar orqali farzandlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadryatlarimizga bo`lgan mehar-muhabbat tuyg`ularini ham shakllantira olamiz. Xalqimizda shunday naql bor “ Ona tilini bilmay turib boshqa tilni o`rganib bo`lmaydi”, “Tarbiyachi, avvalo, o`zi tarbiyali bo`lmog`i lozim”. Shunday ekan o`quvchilarni og`zaki va yozma nutqini rivojlantirishda birinchi navbatda, ta’lim beruvchi ustozning o`zida shu fazilatlar mujassammikin degan savol paydo bo`ladi. Negaki, o`quvchilarda nutqiy malaka va ko`nikmalarni shakllantirishda umumiy boshlang`ich maktablarida beriladigan bilim birinchi navbatdagi tayanch dastur hisoblanadi.
Umumiy o`rta ta’lim maktablarining fan o`qituvchilaridan olingan sinov natijalarga ko`ra yozma savodxonligi talab darajasida bo`lmagan ustoz-pedagoglar ko`pchilikni tashkil qiladi. Bilamizki, yozma savodxonlik, og`zaki nutqning yozuvdagi ifodasi. Ularning eng katta xatosi o`z ustida ish olib bormaganligi. Og`zaki va yozma nutqidagi bo`shliqlarni to`ldirish uchun qo`shimcha adabiyotlardan, imlo lug`atlaridan foydalanmaganligi va bunga mas’uliyatsizlik bilan qaraganligida. Bunday o`qituvchi-pedagoglar o`zida shakllanmagan ko`nikmalarni qanday qilib o`quvchilardan talab qilishi mumkin? Ba’zan o`quvchilar orasida bilimi bo`sh, ulgurmovchi bolalardan shikoyat qilamiz-u, ammo uning yechimini topishga o`zimiz oqsoqlik qilamiz. Ana shunday muammolarni kundalik hayotimizda, ish faoliyatimizda ko`p uchratamiz. Ommaviy axborat vositalari, internet tarmoqlari, o`quv dasturlari, ro`znoma va jurnallar, reklama va e’lonlardagi mavjud xatoliklar fikrimizni isbotidir.
Yozuvchi O`tkir Hoshimov o`z asarlarida ifoda etganlaridek: “Dehqon yerga noto`g`ri urug` sepsa, uning zararini oila a’zolari ko`radi, ta’lim beruvchi o`quvchilarga noto`g`ri tushuncha bersa, uning zararini butun xalq ko`radi”. Oshpaz, tikuvchi, duradgor, me’mor, quruvchi adashishi mumkin, lekin ustoz-pedagogning kichkina xatosi butun bir jamiyatni izdan chiqarishi mumkin.
O`qituvchi-pedagoglarni og`zaki va yozma nutqini rivojlantirish hamda ularni malakalarini yanada takomillashtirishda quyidagilarni tavsiya etamiz:
har bir fan o`qituvchilari, darsdan bo`sh vaqtida yoki metod kunlarida trening o`qituvchilar hamkorligida qo`shimcha darslar tashkil etish;
imlo qoidalri bilan qayta-qayta tanishish;
diktant, insho, bayon yozish bo`yicha amaliy mashqlar olib borish;
o`qituvchi-pedagog esselar ko`rik tanlovini muntazam o`tkazib borish;
uslubiy birlashma yig`ilishlarida o`qituvchilardan ijodiy ishlarni qo`lyozma tarzida yozib topshirishni vazifa qilib belgilash;
biror bir badiiy asardan parcha o`qib, undan olgan taassurotlarini rasm chizish orqali ifodalash;
obuna bo`lgan ro`znoma va jurnallardagi axborotlar bilan tanishish, undagi mavjud xatolar ustida bir-birlari bilan mushohada qilib fikr almashinish.
Bu mashg`ulotlarni ingliz tili fan o`qituvchilari singari metod kunlarida boshqa maktablar hamkorligida tashkil etsa ham bo`ladi. Masalan, ona tili va adabiyot fan o`qituvchilari maktablar kesimida o`ziga yaqin hududni tanlab olishlari mumkin. Yuqori malakali ustozlardan trening o`qituvchi saylab, yuqorida ko`rsatib o`tilgan topshiriqlarni birgalikda bajaradilar.
Yana bir masala o`qituvchi-pedagoglarimiz oson va vaqtni tejash imkonini beruvchi internet tarmog`idan foydalanishni afzal ko`radi. Ba’zan vaqtimizni tejaymiz deb aqlimizni ham tejab qo`yayotganimizdan bexabarmiz. Chunki, mavzu yoki masala yuzasidan biror muammo paydo bo`lsa darrov ijtimoiy tarmoqqa ulanamiz. Muammoning yechimi tezroq oydinlashgani yaxshi, albatta. Lekin o`zingiz o`ylab ko`ring, paydo bo`lgan jumboqni yechish uchun kitob varaqlasak kamida uch-to`rt sahifani qoralaymiz. Buning natijasida savolimizga javob topamiz va yana qo`shimcha ma’lumotlarga ham ega bo`lamiz. O`qish-izlanish natijasida uch barobar ko`p bilim va malakamiz shakllanadi. Tafakkurimiz kengayib og`zaki va yozma savodxonligimiz mustahkamlanib boradi. Biz ustozlar, o`zimizning tafakkur bog`imizni yashnata olsakkina, o`quvchilarimizdan kerakli hosilni terib olishimiz mumkin.