Alisher navoiy asarlarida til va nutq masalalarini bugungi yoshlar ongiga singdirish
Alisher navoiy asarlarida til va nutq masalalarini bugungi yoshlar ongiga singdirish
Alisher Navoiy (1441-1501) – o‘zining she’riyati, nasri, falsafiy qarashlari va til boyligi bilan o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biridir. U nafaqat o‘z davrining ulkan adibi, balki tilshunos, ilm-fan va madaniyat arbobi sifatida ham katta hurmatga sazovor bo‘lgan. Navoiy asarlari, uning til va nutq san’atiga bo‘lgan yuksak e’tibori bilan ajralib turadi. U o‘zining she’riy va nasriy asarlarida tilning nafaqat ma’naviy, balki badiiy, psixologik va ijtimoiy rolini ham mukammal ifoda etgan. Navoiyning asarlarida tilning ahamiyati alohida ko‘rsatilgan bo‘lib, til nafaqat ma’lumotni etkazish vositasi, balki inson ruhini shakllantiruvchi, uning fikrini, qalbini o‘zgartiruvchi kuch sifatida qaraladi. Uning asarlaridagi so‘zlarni tanlashdagi noziklik va nutqning estetik jihatlari adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholangan. Alisher Navoiy, o‘z asarlarini yaratishda tilning go‘zalligini, uning barcha poetik va ifodaviy imkoniyatlarini mukammal ishlatgan.
Вы уже знаете о суперспособностях современного учителя?
Тратить минимум сил на подготовку и проведение уроков.
Быстро и объективно проверять знания учащихся.
Сделать изучение нового материала максимально понятным.
Избавить себя от подбора заданий и их проверки после уроков.
Просмотр содержимого документа
«Alisher navoiy asarlarida til va nutq masalalarini bugungi yoshlar ongiga singdirish»
ALISHER NAVOIY ASARLARIDA TIL VA NUTQ MASALALARINI BUGUNGI YOSHLAR ONGIGA SINGDIRISH
Matluba Sharopova Isroilovna
Buxoro shahar politexnikumi
ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqola Alisher Navoiyning asarlarida til va nutq masalalarini bugungi yoshlar ongiga singdirish, tahlil qilishga bag‘ishlangan. Maqolada Navoiy tilining go‘zalligi, nutq san’ati, uning ijtimoiy roli va psixologik ta’siri haqida so‘z boradi. Shuningdek, turkiy tillarning ahamiyati, o‘zbek tilining rivojlanishidagi o‘rni va Navoiy asarlaridagi til va nutqning badiiy qudrati tahlil qilinadi. Maqola Navoiy asarlaridagi tilning estetik va tarbiyaviy kuchini o‘rganishga qaratilgan.
Kalit so‘zlar: Alisher Navoiy, til, nutq san’ati, turkiy tillar, o‘zbek tili, adabiyot, psixologik ta’sir, badiiy nutq, estetik qudrat.
Alisher Navoiy (1441-1501) – o‘zining she’riyati, nasri, falsafiy qarashlari va til boyligi bilan o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biridir. U nafaqat o‘z davrining ulkan adibi, balki tilshunos, ilm-fan va madaniyat arbobi sifatida ham katta hurmatga sazovor bo‘lgan. Navoiy asarlari, uning til va nutq san’atiga bo‘lgan yuksak e’tibori bilan ajralib turadi. U o‘zining she’riy va nasriy asarlarida tilning nafaqat ma’naviy, balki badiiy, psixologik va ijtimoiy rolini ham mukammal ifoda etgan. Navoiyning asarlarida tilning ahamiyati alohida ko‘rsatilgan bo‘lib, til nafaqat ma’lumotni etkazish vositasi, balki inson ruhini shakllantiruvchi, uning fikrini, qalbini o‘zgartiruvchi kuch sifatida qaraladi. Uning asarlaridagi so‘zlarni tanlashdagi noziklik va nutqning estetik jihatlari adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholangan. Alisher Navoiy, o‘z asarlarini yaratishda tilning go‘zalligini, uning barcha poetik va ifodaviy imkoniyatlarini mukammal ishlatgan.
Ushbu maqola Alisher Navoiy asarlarida til va nutq masalalarini o‘rganishga va o’rgatishga qaratilgan. Maqsad, Navoiy tilining badiiy va estetik imkoniyatlarini, uning ijtimoiy va psixologik ahamiyatini tahlil qilish, shuningdek, uning o‘zbek tili va boshqa turkiy tillarga nisbatan tutgan o‘rnini ko‘rsatishdir. Maqola, Navoiyning adabiy merosidagi til va nutq san’ati masalalariga doir ilmiy tahlil va fikrlarni o‘z ichiga oladi.
Oʻzbek adabiy tili mustaqil til sifatida X asrdan boshlab shakllana boshladi va to hozirgi kunimizgacha bu tilda koʻplab ilmiy va badiiy asarlar yaratildi. Xususan, Mahmud Qoshgʻariyning "Devoni lugʻotit-turk", Yusuf Xos Hojibning "Qutadgʻu bilig", Xorazmiyning "Muhabbatnoma", Rabgʻuziyning "Qissai Rabgʻuziy", shuningdek, Atoyi, Sakkokiy, Sayfi Saroiy, Mavlono, Lutfiylarning yaratgan boy ilmiy-adabiy meroslarini tilga olish mumkin.
Ayniqsa, turkiy tilning beqiyos imkoniyatlarini koʻrsatishda Alisher Navoiyning buyuk xizmatlarini alohida e‘tirof etish joiz. Chinakam ma‘nodagi soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning soʻz va oʻtkir nutq, til va jamiyat borasidagi fikrlari alohida diqqatgamolikdir. Soʻz dahosiga daho soʻzchi sifatida adoqsiz ehtirom va inja sezgi bilan munosabatda boʻlgan adib oʻz asarlarining aksariyatida, xususan, muhtasham "Xamsa"sining barcha dostonlari (alohidaalohida boblar)da, "Mahbub ul-qulub", "Muhokamat ul-lugʻatayn", "Nazm ul-javohir" va boshqa koʻplab asarlarida soʻzning buyuk qudrati va nutq mahoratining xosiyatiga oid betakror fikrlarni bayon qilgan.
"Muhokamat ul-lugʻatayn"da aytilishicha, soʻz goʻyoki bir durdir, durning doimiy makoni dengiz tubi boʻlsa, soʻzning muntazam makoni koʻngildir.
Dur gʻavvos tarafidan dengiz tubidan chiqarilib, jilvalantirilsa va uning qiymati javhariga koʻra baholansa, soʻz sohibi ixtisos tomonidan koʻngildan tashqariga olib chiqiladi va notiqning qiymati soʻz qoʻllash mahoratiga, uni jilvalantirish qobiliyatiga qarab belgilanadi. Boshqacha aytganda, dengiz tubida harakatsiz imkoniyat tarzida turgan qimmatbaho durlar gʻavvos, tomonidan harakatga keltiriladi, koʻngil tubida imkoniyat tarzida turgan sehrli soʻzlar esa soʻzlovchi tomonidan nutqiy jarayonga olib kiriladi va oʻz jilvasini namoyon etadi.
Alisher Navoiy bu fikrlarni davom ettirib yozadi: "Soʻz durrining tafovuti mundish dogʻi begʻoyatroq va martabasi mundin ham benihoyatrokdur. Andoqki, sharafidin oʻlgan badangʻa ruhi pok etar, kasifidin hayotliq tangʻa zahri halok xosiyati zuhur etar".
Alisher Navoiyning til va nutq, nutq odobi, nutqiy madaniyat, nutq san‘ati haqida aytgan fikrlarida qadimiy turkiy xalqlarning nutq madaniyati borasidagi boy va noyob merosi mahorat bilan umumlashtirilgan.
Alisher Navoiy asarlarida chunonchi, nutq odobining talablari haqida fikrlar bor.
1. Tilni, soʻzni qadrla, uni hurmat qil: Donau dur soʻzini afsona bil, Soʻzni jahon bahrida durdona bil . (Xamsa, 34- bet.)
2. Yaxshi soʻzlay olish (nutq)—san‘atdir, noyob hunardir. Uni egallashga intilgin: Erdin soʻz hunar, enchidin boʻz hunar. («Mahbub-ul qulub», 82-bet.)
3. Insonning odob-axloqini belgilaydigan omillardan biri uning soʻzi, nutqidir: Suvning mazasi muz bila, oshning mazasi tuz bila, odam yaxshiligʻi soʻz bila. («Mahbub- ul qulub», 79- bet.) Soʻz zohir etar zamir ishi koʻpragidin, Til muxbir erur koʻngul nihon emgagidin, Fahm ayla kishi holini soʻz demagidin, Kim berdi xabar hadisi koʻnglidagidin. («Nazm-ul -javohir» dan, 41-bet.)
4. Kishining soʻzi (nutqi) uning aqliy kamolotidan darak beradi: Odamki demak birla kiromiydiru bas, Soʻz durri ishining intizomiduru bas, Sihhat opchaki, ahli aql komiduru bas, Aqligʻa dalil aning kalomiduru bas. («Nazm-ul javohir» dan, 25- bet.)
5. Soʻzlaganda oʻylab soʻzla, tushunib, bilib gapir: Soʻzni koʻnglungda pishqarmaguncha tilga kelturma, Harnakim koʻnglungda boʻlsa til surma. («Mahbub-ul qulub», 83- bet.)
6. Xushmuomala, shirin soʻz boʻl ozor berma: Har kimki chuchuk soʻz elga izhor aylar, Har neki agʻyor durur yor aylar, Soʻz qattigʻi el koʻngliga ozor aylar, Yumshogʻi koʻngullarni giriftor aylar. («Nazm-ul javohir»dan, 43- bet.)
7. Tilingni tiy. Koʻp soʻz, ezma va vaysaqi boʻlma. Bu zararlidir. Befoyda soʻzni koʻp aytma va foydaligʻ soʻzni koʻp eshiturdin qaytma. Oz degan oz yanchilur, oz egan oz yiqilur. («Mahbub-ul qulub»dan, 82-bet.)
8. Gapirganda qaytariqlardan qoch, chunki ular fikrning ta‘sirini susaytiradi: Bir deganni ikki demak xush emas, Soʻz chu takror topti dilkash emas. («Xamsa»,448-bet).,
Biz nutqimiz orqali boshqalar bilan muomalaga kirishamiz, fikrimizni bayon etamiz. Har bir shaxsga xos xususiyatlar uning nutqida namoyon boʻladi. mutafakkir shoir va yozuvchilarning asarlarida Navoiy boshlab bergan oʻzbek mumtoz adabiy tili me`yorlari mukammalashib bordi. Oʻz asarlarida nutqning kishilar kundalik ehtiyojini qondiruvchi nodir vosita ekanligini qayd etdi.
"Mahbub-ul qulub" asarida voizlar til odobi xususida fikr yuritsa, "Muhokamat-ul lugʻatayn" asarida oʻzbek adabiy tilining boyligini e‘tirof etdi. Nainki eʼtirof etdi, balki tilning ijtimoiy hodisa ekanligini ta‘kidladi. Soʻzning tarixiy-madaniy xizmati beqiyos, ammo til imkoniyatlari nutq jarayonidagina ochib beriladi. Agar nutq boʻlmas ekan, tilning, soʻzning cheksiz imkoniyatlari roʻyobga chiqib chiqmay qolaveradi. "Majolisun-nafois" da soʻzning voizlari hayotida tutgan oʻrni haqida ham shaxsiy mulohazalar bayon qilinadi. "Nazm-ul javohir" asarida esa soʻz qudratli vosita ekanligi, insonga hayotiy zarurat sanalishi aytib oʻtiladi. Tarixdan ma‘lumki, Navoiyning oʻzi ham mohir notiq boʻlgan va shirin kalomi, oʻtkir tafakkuri bilan xalq qalbidan joy olgan va oʻz asarlarida ham xaloyiqqa naf‘i tegadigan, el yuragidan joy oladigan shirinzabon soʻzlar soʻzlashni, chiroyli va ravon nutq tuzish yoʻllarini oʻrganish lozimligi haqida mukammal fikrlar bayon etgan. "Nazm-ul javohir" asarida til insonni hayvondan ajratuvchi gavhardir, deb ta‘kidlaydi: Soʻzdurki, nishon berur oʻlukka jondin, Soʻzdurki, berur jonga xabar jonondin.
Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yoʻq ondin. Tirik insongina soʻzlash qobiliyatiga ega, soʻz tufayli u tirik ekanligini isbot etadi. Soʻz doʻstdan, yoru-birodardan xabar beradi. Insonni hayvondan judo qilgan ham soʻz ekan, demak dunyoda soʻzdan gavhari sharif-uluʼ narsa yoʻqdir. Yaxshi soʻz kishiga jon baxsh etsa, yomon soʻz insonni halok etishi ham mumkin. Til-ma‘rifat va adabiyot quroli ekan, soʻz soʻzlashdan maqsad ma‘no ifodalashdir deydi shoir. "Ammo chun alfoz va iboratdin murod ma‘nidir va mazkur maxluqotdin maqsud insondur va ul mahzari maoniy va bayon, soʻzning soʼzidadir va takallum aning kalomida bordur". Yaʼni, ma‘no tufayli soʻz tilga keladi va ul soʻzdan ma‘no fahm boʻladi. Navoiy til va tafakkurni uzviy birlikda oladi. U ma‘no birlamchi, shaklni ikkilamchi, deb hisoblaydi va ma‘noga soʻzning joni deb ta‘rif beradi.
Navoiy tilni oʻsib, rivojlanib boruvchi, jamiyatning ehtiyojiga muvofiqlashuvchi zarurat ekanligini anglab, tillar oʻzaro aloqada boʻladi, bir-biriga chatishadi, deb hisoblaydi. Navoiy kishining nutq qobiliyatini tugʻma ekanligini ta‘kidlaydi. "Muhokamatul-lugʻatayn" asarida arab tili "kalomi ilohiy" deb ulugʻlanadi, fors va turkiy tili solishtiriladi. Olim bu asarda ikki tilning lugʻat boyligi, soʻz yasalishi, fonetik tarkibi, uslubiyati kabi xususiyatlarini chogʻishtirib, badiiy imkoniyatlari jihatidan turkiy tilning fors tilidan qolishmasligini isbotlaydi. Hattoki, fors-tojik tilida, ekvivalenti boʻlmagan oʻzbekcha soʻzlarni misolkeltiradi. "Muhokamat-ul lugʻatayn" asari bevosita tilshunoslikning nazariy muammolarini hal qilishga, oʻzbek tilining boshqa tillar orasida tutgan oʻrnini belgilab berishga, oʻzbek nutqi madaniyatini oʻrganishga qaratilgan. Mutafakkir asarlarida oʻzbek tilining leksik boyliklaridan, sinonim va omonimlaridan, xalq ta‘biri, maqol va matallaridan, frazeologik, ideomatik birikmalaridan, jumla tuzilishidan keng foydalandi.
Alisher Navoiyning nutq madaniyati masalalariga bagʻishlangan fikrlari yanada mukammalroq ifodalangan asari "Mahbub ul-qulub" dir. Chunki shoir bu asarida tilning ahamiyati, undan foydalanish, nutq soʻzlovchi dilidagi fikrni toʻgʻri aks ettirish lozimligi haqida fikrlar bayon qiladi. Navoiy til deganda nutqni koʻzda tutgan. Til, ya‘ni so‘z oʻzining koʻp yaxshi fazilatlari bilan nutq uchun material ekanligini, nutqning qoʻpolligi, maqsadga muvofiq boʻlmasligi soʻzlovchiga zarar yetkazishini alohida ta‘kidlab oʻtadi. Mayin, yoqimli, shirali ovoz bilan soʻzlash odobi haqida, Oʻylamasdan soʻzlamaslik lozimligi haqida: "Tildin azubat dilpisanddur va miynat sudmand. Chuchuk tilki achigʻliqqa evruldi, zarari oni boʻldi. Chuchuk soʻz sof koʻngullarga nushdir... Soʻzni koʻngulda pishqormaguncha tilga kelturma, harnakim koʻnglungda boʻlsa, tilga surma" deydi.
Buning ma‘nosi shundayki, tilning shirin, yoqimli va yumshoqligi foydadir. Chuchuk til achchiqqa aylansa tinglovchiga zarar yetkazadi. Nutq nazariyasi bilan jiddiy shugʻullangan shoir "Mahbubul-qulub" asarining 24-bobini voizlik ilmiga bagʻishlaydi. Navoiyning oʻzi ham notiqlik san‘atini oʻz davrida yuksak darajaga koʻtargan. "Tilga ixtiyorsiz-elga e‘tiborsiz" yoki "Ma‘dani inson gavhari soʻz durur, gulshani odam samari soʻz durur" deb yozadi. "Mahbubulqulub" da "Ogʻziga kelganni demoq-nodonning ishi", "Aytar soʻzni ayt, aytmas soʻzdan qayt", "Chin so‘z-mo‘tabar yaxshi soʻz-muxtasar" kabi hikmatli soʻzlar, maqollar anchagina. Navoiy ham shu mazmundagi baytlar yaratadi. Xalqimiz tili achchiq, inson koʻngliga ozor beruvchi kishilarga "tili zahar", "tilidan zahar tomadi" kabi nisbatlarni beradi. Bunday kishilardan hamma oʻzini chetga tortadi. Dildan suhbatlashishni istamaydi, aksincha, zarurat yuzasidangina muomala qilishga majbur boʻladi. Navoiy "Xamsa" ning deyarli barcha dostonlarida "Soʻz ta‘rifida..." sarlavhasi ostida boblar ajratadi. Oʻzining gʻazallaridan birida soʻz haqida fikr yuritar ekan, "Xamsa"dagi har bir harf (soʻz emas, harf) oʻzida koʻplab durlarni jamlagan "bahr erur"ligini ta‘kidlaydi. Kengroq mazmunda esa, har bir soʻzga singdirilgan chuqur mohiyat va ma‘no nazarga olinsa ham xato boʻlmaydi.
Professor A.Hayitmetov shunday yozadi: "Navoiy "soʻz"ni oʻz asarlarida koʻp ma‘noda ishlatadi. U "soʻz" termini ostida insoniyatning hamma ma‘naviy boyligini-alohida ijtimoiy kategoriya boʻlgan tilni ham, ideologiya shakllaridan hisoblangan falsafa va badiiy adabiyotni ham tushuna beradi hamda ularni koʻp vaqt bir-biridan farq qilmaydi". Navoiy "soʻz" haqida gapirganda quyidagilarni e‘tiborga oladi: 1. Soʻz-til ma‘nosida. 2. Soʻz-muomala, gapirish, nutq mohiyatida. 3. Soʻz-badiiy ijodda, mazmunni shakllantiruvchi vosita tarzida. Navoiy talqinicha, soʻzning (tilning) insoniyat hayotidagi oʻrni beqiyos. U insonning insonligini, barcha jonzotlardan yuksak ekanligini anglatuvchi unsur. Ollohning bashariyatga in‘om etgan ulugʻ ne‘mati tildir. Ha, Navoiy soʻzni ajib, sehrli va qimmatbaho gavhar sifatida e‘zozlaydi. Koʻpgina baytlarda, ayniqsa, "Xamsa", "Mahbub-ul qulub" singariasarlarida soʻz, uning oʻrni, inson hayotidagi ahamiyati, soʻzlash madaniyati, soʻzning badiiy ijoddagi mavqie, soʻz odobi kabi tomonlar xususida mulohazalar bildiradi. "Nazm-ul javohir" ("Nazmlar javohiri") asarida shoirning axloqiy qarashlari bayon etiladi. Alisher Navoiyning til va nutq, nutq odobi, nutqiy madaniyat, nutq san‘ati haqida aytgan fikrlarida qadimiy turkiy xalqlarning nutq madaniyati borasidagi boy va noyob merosi mahorat bilan umumlashtirilgan.
Navoiy oʻzbek adabiy tilini, rivojlantirish, bu tilda goʻzal asarlar yaratish, oʻzbek tilini yuqori mavqega koʻtarish, uni xalq manfaatlariga xizmat qildirishni orzu qiladi. U oʻzbek tilini kamsitgan, bu tilda yaxshi asarlar yozish mumkin emas, turkiy tilga bee‘tibor boʻlgan kishilarga munosib javob bera oldi. Oʻzbek adabiy tilini boyitdi, ravnaq toptirdi. Navoiy oʻzi berayotgan maʼlumotlarning aniq, toʻgʻri boʻlishiga ham e‘tibor beradi. Til va nutq masalalari asl mohiyati Navoiy asarlarida oʻzining yorqin dalilini topdi desak maqsadga muvofiq boʻladi. Bobur, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Munis, Mashrab, Maxmur, Gulxaniy, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Avaz Oʻtar, Fitrat, Behbudiy, Soʻfizoda kabi mutafakkir shoir va yozuvchilarning asarlarida Navoiy boshlab bergan oʻzbek mumtoz adabiy tili masalalari mukammalashib bordi.
Xuulosa o’rnida shuni aytish kerakki Alisher Navoiy asarlarida til va nutq masalalari uning adabiy merosining muhim tarkibiy qismidir. U o‘zining she’riyatida va nasrida tilni nafaqat ma’lumot yetkazish vositasi sifatida, balki inson qalbini tarbiyalash, jamiyatni ma’rifatlantirish va ma’naviyatni oshirishda kuchli vosita sifatida ishlatgan. Navoiy tilining go‘zalligi va nutq san’ati uning asarlarini o‘z zamonidan keyingi davrlar uchun ham ahamiyatli qilgan.
Navoiy o‘z asarlarini yaratishda turkiy tilni yuksaltirish va uni adabiy va ilmiy jarayonlarda keng qo‘llashga katta e’tibor qaratgan. O‘zbek tili, uning asarlarida aniq va ravon ifodalanib, bu tilning badiiy imkoniyatlari to‘liq ochilgan. Alisher Navoiy, tilni faqat badiiy va estetik jihatdan yuqori darajada ishlatibgina qolmay, balki til orqali xalqni tarbiyalash, uning ma’naviyatini oshirishda ham muhim rol o‘ynagan. Shuningdek, Navoiy asarlaridagi nutqning psixologik ta’siri, uning jamiyatni shakllantirishdagi ahamiyati ham katta. U tilni faqat so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash vositasi sifatida ko‘rmasdan, har bir so‘zning ma’nosi va uning inson qalbiga ta’sirini chuqur anglab ishlatgan.
Alisher Navoiyning til va nutq masalalari haqidagi qarashlari, uning badiiy san’atining chuqur va boyligini, shuningdek, tilni zamonaviy ilm-fan va madaniyatda qanday muhim rol o‘ynashini o’quvchilar ongiga singdirish bugungi kun uchun eng dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Uning asarlari, tilning kuchi va go‘zalligini anglash biz pedagoglar uchun juda ahamiyatga ega bo‘lib, yangi avlodni tarbiyalashda bu kuch samarali vosita sifatida xizmat qiladi va ijobiy ta’sirini ko’rsatadi.