Maqolada muallif boshlang’ich sinf o’quvchilarida axborot bilan ishlash kompetensiyasini rivojlantirish usullari va afzalliklari to’g’risida o’z fikr va mulohazalarini bayon etgan.
Анотация
В статье автор приведёт примеры и методы для развития информационной компетентности у учащихся начальных классов.
Annotation
In this article the author will give examples and methods for the development of information competence in primary school students.
Hozirgi kunda jahon axborot makoni O‘zbekistonga ham shiddat bilan o’z ta’sirini ko’rsatmoqda. Mamlakatimiz fuqarolari ham bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan to‘plangan ma’lumot va axborotlarni to’g’ridan tog’ri olish imkoniyatiga ega. Ammo shuni ham unutmasligimiz keraki, biz oladigan va foydalanadigan axborotning sifati bizning hayotiy tanlovimizga, ijtimoiy-siyosiy faoliyatimizga katta ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ta’lim tizimining asosiy maqsadi – bolani hayotga tayyorlash bo’lib, uni o‘qitish mazmuni, usullarini pedagog belgilaydi1.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi 997-son “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bilan xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish, xalqaro aloqalarni o‘rnatish, o‘quvchi-yoshlarning ilmiy-tadqiqot va innovasiya faoliyatini, eng avvalo, yosh avlodning ijodiy g‘oyalari va ijodkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil etildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida “STEAM fanlarni va tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilish kompetensiyalari va malakalarining rivojlanishiga alohida urg‘u berish, zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beradigan umumta’lim dasturlari va yangi davlat ta’lim standartlarini joriy etish”2 ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Har besh yilda o'tkaziladigan PIRLS dasturi 4-sinf o'quvchilarining badiiy va ma’lumotli matnlarni o'qib tushunish ko'nikmasini xalqaro darajada baholaydi. PIRLSning maqsadlari oʻqish qobiliyatiga ega boʻlish bilan cheklanmaydi. Tadqiqot o`quvchilarning oʻqish koʻnikmalari va o’qitish muhiti bilan bogʻliq bo’lgan maʼlumotlarni toʻplaydi hamda maktab yoki sinfdagi individual va ijtimoiy imkoniyatlarni tushunishga yordam beradi.
PIRLS xalqaro tadqiqotlariga qoʻyilgan eng muhim talablardan biri qiyosiy tahlil qilish imkonini beradigan topshiriqlardan foydalanish hisoblanadi. Shu sababli topshiriqlarni shakllantirish jarayonida oʻtgan yillarda foydalanilgan nazorat materiallari blokidan foydalanilgan. Shuningdek, asosiy eʼtibor tadqiqot jarayonini standartlashtirishga qaratiladi. Shu sababli PIRLS tadqiqoti qatʼiy belgilangan ko’rsatma asosida amalga oshiriladi.
Mazkur dastur 4-sinf o'quvchilarining matematika va tabiiy fanlardan bilim darajasini baholaydigan TIMSS dasturini to'ldirishga yo'naltirilgan bo'lib, Boston kollejidagi TIMSS va PIRLS xalqaro markazi, IEA tashkilotining Gamburg va Amsterdam shaharlaridagi idoralari bilan yaqindan hamkorlikda boshqariladi. O'quvchilarning erishgan yutuqlarini baholash barcha o'quvchilardan emas, balki ushbu qatlam vakillari sifatida tanlab olingan o'quvchilardan obyektiv testlarni o'tkazish orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, maktab direktorlari, o'qituvchilar, o'quvchilar, hattoki ota-onalardan so'rovnomalar o'tkazilib, ta'lim sifatiga ta'sir etuvchi omillarga doir qimmatli ma'lumotlar to'planadi.
Shuningdek, tadqiqotda ta'lim sifatiga ta'sir etuvchi omillarni o'rganish va tahlil qilish maqsadida anketa so'rovnomalari ham o'tkaziladi. Jumladan, o'quvchilar so'rovnomasi orqali ishtirokchi haqida ma'lumotlar, oiladagi ta'limiy resurslar, maktabga, o'qituvchiga, o'quv faniga munosabat, o'quvchilar o'rtasidagi munosabat, o'quv fanlari bo'yicha o'zini baholash, sinfdan tashqari mashg'ulotlar to'g'risida ma'lumotlar to'planadi. So’rovnoma natijasida o’quvchilarning oilaviy (moddiy va ma’naviy) ahvoli, kompyuterlardan foydalana olishi, oilada raqamli qurilma(gadjet)larning mavjudligi, mutolaa qilgan kitoblari soni, qiziqishlari o’rganiladi. Natijada mamlakatning ta’lim muhitida o’quvchilarning axborotli va badiiy matnlardan xulosa chiqara olish imkoniyatlari xalqaro darajada tadqiq etiladi va baholanadi.
Chunki PIRLS xalqaro tadqiqoti boshlang'ich sinf o'quvchilarining o'qib tushunish ko'nikmalarini qay darajada rivojlanganligi haqidagi ma'lumotlarni xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradigan, o'qish va o'qitishni yaxshilashda ta'lim sohasidagi davlat siyosatiga xizmat qilishi mumkin bo'lgan tahlillarni taqdim etadigan yirik xalqaro baholash dasturi hisoblanadi.
PIRLS ta'rifiga ko'ra, o'qish savodxonligi jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qadrlanadigan yozma til shakllarini tushunish va ulardan foydalanish, shuningdek, matnlardan turli shakllarda ma'no hosil qila olish qobiliyati bo’lib hisoblanadi. Shu sababdan tadqiqot doirasida asosiy e'tibor tushunishni namoyon qilishdan o'zlashtirilgan ma'lumotlarni qanday qilib yangi loyihalar va vaziyatlarda qo'llay olish qobiliyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda. 4-sinf o’quvchisi esa bu jarayonning faol qatnashuvchisi bo'lib, matn ustida mushohada yuritadi va samarali o'qish strategiyalarini ongli ravishda tanlab qo'llaydi. Har bir matn turi odatiy shakl va qoidalarga amal qilgan holda o'quvchiga matn mazmunini sharhlashga yordam beradi. Har qanday matn turli shaklga ega bo'lishi mumkin. Bular an'anaviy kitoblar, jurnallar, hujjatlar va gazetalar, shuningdek, raqamli ko'rinishdagi yozma shakllarni ham o'z ichiga oladi.
PIRLS boshlang'ich sinf o'quvchilarining sinf va sinfdan tashqari o'qishini baholashda ikkita keng qamrovli maqsadga, ya'ni “badiiy tajriba orttirish”, “axborotni olish va undan foydalanish”ga qaratiladi. O'z navbatida, ushbu maqsadlarning har biri to'rtta keng tushunish jarayonini birlashtiradi. Bular:
diqqatni jamlash va aniq ko'rsatilgan ma'lumotlarni topish;
to'g'ridan-to'g'ri xulosalar chiqarish;
kontent va matn elementlarini baholash va tanqid qilish;
g'oyalar va axborotni talqin qilish va uyg'unlashtirish.
Tadqiqotdagi matnlar murakkabligiga ko'ra, o'rtacha 500 dan 800 tagacha, o'quvchilarning o'qish savodxonligi darajasi past bo'lgan mamlakatlar uchun 400–500 ta, ePIRLSda esa, taxminan 1000 ta so'zdan iborat bo'ladi.
Matnning mazmuni 9-10 yoshdagi o'quvchilarga mos, ayrim madaniyatlarga juda xos bo'lgan mavzulardan chetlashgan, shuningdek, qiziqarli hamda o'quvchiga unchalik tanish bo'lmaydi.
Tadqiqotda O'zbekistonning boshlang'ich sinf bitiruvchilari boshqa davlatlardagi tengdoshlariga nisbatan qanchalik darajada yaxshi o'qishi, ya’ni (to’g’ri, ongli, ifodali, tez) o’qish sifatlari, o'qishning 4-sinf o'quvchilari uchun sevimli yoki aksincha zerikarli mashg’ulot ekanligi, oila tomonidan savodxonlikni rivojlantirishga qanday hissa qo'shilayotganligi, mamlakatimizda o'qishni o'rgatish jarayoni qanday tashkil etilganligi, o'qishni o'rgatish jarayonining boshqa davlatlarga nisbatan o'ziga xosligi nimada namoyon bo'lishi, boshlang'ich sinf o'qituvchilari foydalanayotgan usullarning boshqa mamlakat o'qituvchilari foydalanayotgan usullardan farqi o'rganiladi.
PIRLS natijasida o’quvchilar axborotlarning ishonchli ekanligini baholash, o‘z fikrini erkin bayon etish borasidagi huquqlarini to‘laqonli amalga oshirish imkoniyatiga qo’lga kiritiladi. Buning uchun o’quvchilarning media va axborot savodxonligini shakllantirish lozim. Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida ko‘rsatilishicha, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda etish huquqiga ega, ushbu huquq o‘z e’tiqodiga to‘siqsiz tarzda sodiq bo‘lish hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vositalar bilan har qanday davlat chegaralaridan qat’iy nazar izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘zida mujassam etadi”. Unda ta’lim tizimi o’quvchilarda avvalambor, axborotni anglash, undan amaliy maqsadda foydalana olish, hayotiy vaziyatlarda ulardan kerakli xulosalarni shakllantira olish va ularda kommunikatsiya tushunchasini rivojlantirishga qaratilishi nazarda tutiladi. Mazkur holat 2005-yilda qabul qilingan Aleksandriya deklaratsiyasida o‘z rivojini topib, unda media va axborot savodxonligi insonning butun hayoti davomida oladigan ta’lim asosi sifatida belgilab berilgan.
Darhaqiqat, axborotni samarali ravishda izlash, baholash, undan foydalanish va barcha sohalarda shaxsiy, ijtimoiy, kasbiy va ta’lim maqsadlariga erishish uchun uni yaratish imkoniyatlarini taqdim etishda axborot bilan ishlash kompetensiyasining ahamiyatini ifoda etadi.
1 Подласий И.П. Педагогика: дарслик. Москва. Высшее образование. 2007. Б -326
2 Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2019 йил 29 апрелдаги “Ўзбекистон Республикаси Халқ таълими тизимини 2030 йилгача ривожлантириш концепциясини тасдиқлаш тўғрисида”ги ПФ-5712-сонли Фармони. Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 29.04.2019 й., 06/19/5712/3034-сон.