Просмотр содержимого документа
«Nutq o’stirish va lug’at ustida ishlash»
NUTQ O’STIRISH VA LUG’AT USTIDA ISHLASH
Yadgarova Manzila Ibragimovna
Buxoro viloyati Buxoro shahri 14-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi
Annotatsiya:Ona tili o’qitishning bosh maqsadi ham tilning jamiyatda tutgan o’rni, vazifasi bilan belgilanadi. Til - aloqa vositasi, chunki so’zlovchi fikr-mulohazalarini til orqali bayon qiladi, tinglovchi esa til vositalari orqali ro’yobga chiqqan fikrni anglaydi. Ona tili fani o’quvchilarni fikr bayon qilish va uni uqib olish faoliyatiga tayyorlaydi. Mazkur maqolada ona tili darslarida lug’at ustida ishlash va nutq o’stirish borasidagi nazariy va amaliy tavsiyalar beriladi.
Kalit so’zlar: ona tili, pedagogic texnologiyalar, nutq o’stirish, lug’at boyligi.
Fikr til vositasida ro’yobga chiqadi, shu sababli har bir kishi tilni va undan foydalanishni bilishi zarur. Tilni bilish uning grammatik qonun-qoidalarini, ta’rifini o’zlashtirishgina emas, balki ona tilining boy imkoniyatlaridan amaliy foydalana bilish hamdir, ya’ni fikrni og’zaki va yozma shaklda to’g’ri, tushunarli va savodli ifodalay bilishdir. Bunga erishish uchun ona tili darslarida lug’at ustida ishlashga alohida e’tibor qaratish lozim.
Lug’at ishida so’zning ma’nosi, talaffuzi va imlosi e’tiborda tutiladi. Bular ustida ishlashdan asosiy maqsad ehtiyoj sezilgan paytda o’quvchilaming ulardan nutqda foydalanishlariga erishish, o’zgalar nutqini anglashlarini ta’minlashdir. Buning uchun o’qituvchi ona tili darslarida qo’llangan har bir so’zning va ta’limiy jarayonlarda: ekskursiya, o’zaro suhbat, turli tadbirlarda ishlatilgan so’zlarning ma’nosiga e’tibor bilan qarashi, ularning qaysilari maxsus ishlashni taqozo etishini belgilab olishi kerak.
Ma’lumki, o‘rta maktab ona tili ta’limining konseptual asoslarida uining zaruriy vositasi ikkita ekanligi ta’kidlanadi: darslik va lug‘atlar. O‘quvchilarning ijodiy tafakkurini va nutqini o‘stirishning zaruriy omillaridan biri lug‘atlar ustida ishlashdir. Lug‘atlar o‘quvchilarning ijodiy tafakkuri, mustaqil fikrlash darajasi, ijodiy fikr mahsulini og‘zaki va yozma shakllarda ravon bayon etishga olib keladigan behad qimmatli va boy so‘z zahirasini vujudga keltiradi. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda ta’limning har bir bo‘g‘ini uchun (bog‘chadan tortib, universitetgacha) yuzlab lug‘atlarning maxsus turlari yaratilgani, hatto rus maktablari uchun 30 ga yaqin o‘quv lug‘atlari mavjud bo‘lgani holda o‘zbek maktablari uchun bitta «Imlo lug‘ati» bor, xolos. Maktablar uchun izohli lug‘at, ma’nodosh so‘zlar lug‘ati, antonimlar lug‘ati, darajalanish lug‘ati, eskirgan so‘zlar lug‘ati, shevaga xos so‘zlar lug‘ati, iboralar lug‘ati, so‘zlarning birikuvchanlik lug‘ati, uyadosh so‘zlar lug‘ati, shakldosh so‘zlar lug‘ati, so‘z tarkibi lug‘ati, talaffuzdosh so‘zlar lug‘ati, shuningdek, har bir fan bo‘yicha alohida terminologik lug‘atlar va qomuslar yaratish dolzarb vazifadir.
O‘quvchilar uchun zarur lug‘atlar yaratilmas ekan, ijodiy tafakkurni rivojlantirish mumkin emas, og‘zaki va yozma nutqni o‘stirish vositasi bo‘lgan joriy darsliklar o‘z vazifasini to‘la bajara olmaydi. Bu o‘rta ta’lim bo‘g‘ini uchun mavzuviy o‘quv lug‘atlarini yaratish tamoyillarini ishlab chiqish va tuzishni taqozo qiladi.
Tilning lug’at boyligini o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilishi uchun ona tili darslarida so’zlar va ularning ma’nolari quyidagicha tanishtiriladi:
1. O’quvchilarni notanish so’z va iboralar bilan tanishtirish. O’quvchilar darslikdagi so’z va iboralarga birinchi marta duch kelayotgan bo’lishi mumkin. Bu so’z yangi paydo bo’lgan so’z bo’lmasa ham, o’quvchi uning ma’nosini bilmaydi, demak, o’quvchi uchun yangi so’z hisoblanadi. Masalan, 1 -sinf «Ona tili» darsligida xabib (do’st), darparda (oyna o’rniga shaffof qog’ozyopishtirilgan derazaparda), mag’rur (kekkaygan, mag’rur — kamtar), kamol (har tomonlama yetuk, to’kis, kamol topmoq — xazon bo 4moq), xaroba (qarovsiz qolgan vayrona), qardosh (do’si, birodar, qarindosh-urug), safdosh (harbiy xizmatda birga, tashkilotda birga), sarkarda (qo’mondan, lashkarboshi), zeb (bezak, ko’rk, husn), qasr (hashamatli saroy, ko’shk) kabi so’zlarga duch keladilar. Bunday so’zlaming ma’nosini sinonimlar keltirib kengaytirish yo’li bilan, qarama-qarshi ma’noli so’zlar bilan izoh berish yo’li bilan, gap tuzish orqali ma’nosini yechish, rasmlar orqali tushuncha hosil qilish yo’li bilan tushuntirish mumkin. Bunday ishlash o’quvchilarda so’z ma’nolariga nisbatan sezgirlikni yuzaga keltiradi.
2. O’quvchilarni so’zning yangi ma’nolari bilan tanishtirish. Ko‘p hollarda so‘zning tarkibini aniqlashda so‘zdagi fonetik o‘zgarishlar qiyinchilik tug‘diradi. Tillarni kuzatishdan ma’lumki, morfologik ko‘rsatkichlar yo mustaqil ma’noli leksemalardan, yoki har xil qo‘shimchalarning o‘zaro birikib yangi qo‘shimcha hosil qilish usulidan shakllanadi. Ko‘pgina so‘zlar qo‘shilib ketishi natijasida ikkinchi qism morfemaga aylanib ketishi mumkin: gapir (gap ur), tupir (tuf ur), supur (suv ur), berkit (berk et), to‘lat (to‘la et), bo‘shat (bo‘sh et), yo‘qot (yo‘q et), yo‘qol (yo‘q o‘l), aytoladi (ayta oladi), ketaver (keta ber), ketvormoq (ketib yubormoq), boryapti (borib yotibdi).
Hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘zga qo‘shimcha qo‘shilganda o‘zakda fonetik o‘zgarishlarning quyidagi ko‘rinishlari kuzatiladi. Bu esa 5-sinf darsligida ko’p uchraydi.
So‘z tarkibi lug‘ati o‘rni bilan imlo lug‘ati vazifasini ham o‘tay oladi. Chunki so‘zlarning tarkibiy tuzilishi haqida qat’iy bilimga ega bo‘lish, o‘zakka turli vazifadagi morfemalar qo‘shilishi natijasida yuz beradigan fonetik o‘zgarishlarni anglab olish, shubhasiz, yozuvdagi har xilliklarni bir shaklga keltirishga yordam beradi.
3. O’quvchilar tilida kam qo’llanadigan so’zlar ma’nosi ustida ishlash. Adabiy tilga oid ba’zi so’zlar o’quvchilar nutqida kam qo’llanadi. Bu so’zning ma’nosini o’quvchi yetarli darajada tushunmaydi. Uning o’rnida oddiy so’zlashuvga doir, eskirgan yoki shevaga oid so’zlarni qo’llaydi. O’qituvchi ularni kitobiy so’zlar bilan almashtirish uchun nutqda qo’llashga majbur etadigan vaziyat yaratishi, ehtiyojni yuzaga keltirishi zarur. Masalan, jim — tinch — osuda — osoyishta, yurakdan — dildan, soat strelkasi — soat millari, garmdori — qalampir, daqiqa — daqiqa, rayon — tuman kabi.
4. Yangi paydo bo’lgan so’z ma’nolari ustida ishlash. Bunday so’zlar darslikda kam qo’llanadi. Bunday so’zlaming bolalar hayoti bilan bog’liq bo’lganlarini ajratib olib «Bilib qo’ygan yaxshi» rubrikasi ostida ishlansa, o’quvchining nutqi zamon bilan baravar rivojlanib boradi.
5. Grammatik atamalar ma’nosi bilan tanishtirish. Avvalo, grammatik atamalarning to’g’ri talaffuzi, imlosi o’rgatiladi. Shundan so’ng misollar asosida uning mazmuni ochiladi, so’ngra o’qitish va mashqlar bajarish orqali o’quvchilaming atama ma’nosini to’laqonli anglashlariga erishiladi.
Lug’at ustida ishlashda quyidagi metodik usullardan foydalaniladi:
1. So’z m a ‘nolarini taqqoslash va ularni sharhlash. Bu usul ko’chma ma’noli so’z va iboralar, paronim so’zlar, shakldosh so’zlar ma’nosi, imlosi, talaffuzini izohlashda qo’llaniladi Masalan, ziyrak — Zircik: odamning xususiyati (sezgirligi) — ziyrak; quloqqa taqiladigan taqinchoq — zirak. Bu so’zlaming talaffuzi ham ikki xil.
2. So’zlarni kuzatish usuli orqali ularning imlosini, m a’nosini va talaffuzini o’rgatish. Bu usul o’zakdosh so’zlarni o’rganish jarayonida, ko’m-ko’k, oppoq, qip-qizil kabi sifatlarning ma’no nozikliklari, imlosi, talaffuzini o’rgatishda qo’llaniladi. Masalan, o’quvchilar guidon, gulchi, guldor, gulli, gulsiz, gulla so’zlarining tarkibini kuzatadilar, bu so’zlar ma’nosidagi farqni izohlaydilar va tilning yangi so’zlar hisobiga boyib borishini anglay boshlaydilar. Shu o’rinda o’qituvchi so’zlarni o’z so’ziga aylantirish orqali aniq fikr yuritishga o’rganish o’quvchining burchi ekanini aytishi lozim. Kuzatish usuli shakllari o’zgarayotgan so’zlaming imlosini o’rgatishda ham qo’llaniladi: og’iz+im — og’zim, singil+im — singlim, u+ga - unga.
3. So’zlarni belgilariga ko’ra guruhlash usuli. Guruhlash aqliy faoliyat usuli bo’lib, u ona tili mashg’ulotlarida o’quvchilaming so’z boyligini oshirishda muhimdir. Bu usul so’zlaming anglatayotgan ma’nosi, turkumi, yasalishi, imlosi, uyasi kabilarga ajratish imkonini beradi. Guruhlash kuzatish va taqqoslash usuli bilan bog’liq. So’zlarni guruhlash uchun awalo ular kuzatiladi, so’ng taqqoslanadi. Bu jarayonda ularning o’xshash va farqli tomonlari ajratiladi: Masalan, qavm-qarindoshlik bo’yicha guruhlash quyidagicha bo’lishi mumkin:
1) Ota urug’i: ota, amaki, amma, clada, buvi, buva.
2) Ona urug’i: ona, xola, tog’a, buvi, buva. Sifatlarda xususiyat bildiruvchi sifatlar (sho’x, og’ir, bosiq, aqlli, aqlsiz, hissiz, andishali, dangasa, tanbal, ishchan, mehnatsevar va hokazo.), ta’m bildiruvchi sifatlar (shirin, achchiq, nordon, taxir, sho’r, mazali, bemaza, chuchmal va hokazo.) va shu kabilar guruhlash musobaqasi tarzida uyushtirilishi mumkin. Ma’lum bir guruhdagi so’zlar ro’yxatini tuzish ishini alifbo asosida yozdirish ham mumkin. Bu jarayonda guruhlash uchun quyidagi topshiriqlardan foydalanish mumkin:
1. Bolalar o’yinlari nomining lug’atini tuzing.
2. O’zingiz bilgan shoir nomlari ro’yxatini tuzing.
3. Ertak nomlari ro’yxatini tuzing.
4. Joy nomlari ro’yxatini tuzing.
5. Ma’nodosh so’zlar ro’yxatini tuzing va boshq. Bular o’rganilayotgan mavzularga, mashq matnlariga bog’liq holda tashkil etiladi. So’zlaming izohli lug’atini sinf yoki maktab miqyosida tuzib, osib qo’yilib, umumiste’molga kiritish mumkin. Bunda «O’quvchilar pochtasi» tashkil etilishi ham mumkin. O’quvchilar qaysi so’zning ma’nosini bilib olishda qiynalsalar, shu so’zni yozib yashikka tashlaydilar. Hafta oxiridagi darsda shu so’zlar ma’nosi, imlosi, izohi ustida ishlanadi.
Kuchli va ayovsiz raqobatga asoslangan bozor iqtisodiyoti tadbirkor, ijodiy taffakkur sohibi bo‘lgan, har qanday qiyin vaziyatdan o‘z aql-idroki bilan omon chiqa oladigan mustaqil fikrli, shu bilan birga, shuurida milliy ruhi mustahkam shaxsni tarbiyalashni talab qiladi.
Inson shaxsida ruh, tafakkur va til chambarchas bog‘liqdir. Demak, ijodiy va mustaqil taffakkurli shaxs tarbiyasida ona tili va uning ta’limini tashkil etuvchi vositalarning roli beqiyos.
Peterburg lingvistik maktabining yirik namoyandasi I.A.Boduen de Kurtene A.I.Vachinyaevning «Imlo lug‘ati»ni tahlil qila turib, so‘zlarni morfemalarga ajratishning imlo uchun ahamiyati juda katta ekanligini alohida ta’kidlagan edi.
Foydalanilgan adabiyotlar
X. G'ulomova, Sh. Yo'ldosheva, U. Shermatova. 4-sinfda ona tili darslari. — Т.: „O'qituvchi", 2003.
N.Maxmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov. V.Qodirov, Z.Jo’raboyeva, G.Ziyodullayeva. Ona tili. 5-sinf. O’qituvchilar uchun metodik qo’llanma. “Tafakkur” nashriyoti, Toshkent, 2011 y
B.Mengliyev.,B.Bahriddinova.”O’zbek tilining so’z tarkibi o’quv lug’ati”