Просмотр содержимого документа
«Dilbar Haydarova she'riyatiga xos takrorning lingvopoetik xususiyatlari»
DILBAR HAYDAROVA SHE`RIYATIGA XOS TAKRORNING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI
Badiiy asarning bosh unsuri so`z, umuman, til ekan, asarning chinakam san`at darajasiga ko`tarila olishida uning tili muallifning til vositalarini qay darajada qo`llay olishi asosiy omildir. Adabiyotimizda iz qoldirgan har bir ijodkor asarlarining tilini o`rganish, birinchidan, adibning mahoratini o`rganish, shu bilan birga, tilimiz rivojiga uning asarlari tili ta`sirini belgilash ehtiyojidan kelib chiqadi.
Dilbar Haydarovaning so`z tanlash va qo`llashdagi mahoratini tadqiq etilishi tilshunosligimiz rivojida o`ziga xos ahamiyatga ega, chunki shunda yozuvchining individual uslubi yaqqol ko`rinadi. Shuning uchun tilshunosligimizda ijodkor badiiy nutqini o`ziga xosligi, uning til vositalaridan foydalanishi kabi jihatlar bosh mavzu darajasiga ko`tarilib bormoqda.
She`rning joziba kuchi, badiiyligini oshirishda takror alohida o`rin tutadi. Shoir va yozuvchilar tasvirlayotgan voqea – hodisaning nazarda tutilgan tomoniga o`quvchining diqqatini tortish, uni bo`rttiribroq ko`rsatish uchun yoki ma`lum narsalarni sanab ko`rsatish niyatida ko`proq she`riy asarlarda ayrim tovush yoki tovushlar birikmasiga, gapga ataylab urg`u beradi, takrorlaydi.
Dilbar Haydarova she`rlarida takror juda ko`p qo`llangan. Ularni kontakt holatdagi va distant holatdagi takror ko`rinishlarida o`rganish maqsadga muvofiqdir. Distant holatdagi takrorning aynan qo`llanishi ham o`ziga xos ko`rinishga ega:
Ishq o`tida
Yonaman boz, kuyaman boz.
(“Muhabbat”)
Birinchi misrada “ishq o`tida” birikmasi beriladi va butunning ikki bo`lakka bo`linishi hamda ushbu ikki bo`lakning bir – biriga zidlantirilishi “boz” so`zining takrori bilan birga “yonaman”, “kuyaman” so`zlari orqali amalga oshiriladi: yonaman boz, kuyaman boz. Bunday takrorlar odatda grammatik va mantiqiy jihatdan teng bo`lgan bir necha subyekt yoki obyektni ifodalaydi. Shuningdek, she`riyatda misralar takrori ham borki, bu shubhasiz she`riy nutqning ifodaviyligini oshirib she`rga o`zgacha ohang va jozibadorlik baxsh etadi. Buni biz shoiraning quyidagi misralarida ham ko`rishimiz mumkin:
Bu yo`llardan dono, nodon o`tadi.
Biri g`amgin, biri shodon o`tadi.
Turfa niyatlilar mudom o`tadi.
Ogoh bo`ling, do`stlar, ogoh bo`ling
(“Ogoh bo`ling”)
Kuzatgan bo`lsangiz she`r hozirgi dolzarb mavzuga aylangan ogohlik haqidadir. She`r davomida ogohlikga chaqiriq shoira tomonidan bosqichma-bosqich rivojlanib boradi va misra so`ngida insoniyatni ogohlikka undovchi so`zlar takrorlanadi:
Odamning olasi ichida agar,
Qilar ish, niyating yuz tutsa magar.
Ogoh bo`ling, do`stlar, ogoh bo`ling
(“Ogoh bo`ling”)
She`r to`la ravishda ogohlikka undov ruhida yozilgan. Shu bois ham she`r “Ogoh bo`ling” deb nomlanadi.
Xulosa o`rnida shuni aytish kerakki, Dilbar Haydarova she`rlaridagi takrorlar grammatik hamda so`z tarkibi jihatdan o`zgarishga uchragan, turli xil ma`no qirralarni namoyon etgan. Takrordagi grammtik o`zgarishlar ma`nodagi nozik farqlanish yuzaga keltirgan bo`lsa, ikkinchi tomondan, she`riy tizim talabi bilan vaznni saqlab qolish maqsadida qo`llangan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Haydarova D. Saylanma. – Toshkent: Sharq, 2006.
Qo`ng`urov R. O`zbek tilining tasviriy vositalari. – Toshkent: Fan, 1977
O`zbek tili grammatikasi. – Toshkent: Fan, 1976. 2- tom.